Uzun tumani hokimligi
“Yashil” energetikani rivojlantirish — energetik barqarorlikni ta’minlash Forumning ustuvor maqsadi

Jamiyat va iqtisodiyot rivojlanishi bir joyda to‘xtab turmaydi. Rivojlanish va iqtisodiy o‘sish energiyaga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga olib keladi. Shu bois an’anaviy energiya manbalari zaxiralarining kamayib borishi sharoitida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining inson hayoti va faoliyatidagi ahamiyati, dolzarbligi ortib bormoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasi endi-endi rivojlanmoqda. Kelajakda uning samaradorligini oshirish, ekologik jihatdan xavfsizligini ta’minlash uchun katta miqdorda sarf-xarajatlar talab etiladi. Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning asosiy muammolaridan biri — olingan energiyani saqlash va uzatish hisoblanadi. Shu kabi masalalarga yechim topish, yashil energetikani rivojlantirish, sohaga innovatsiyalarni joriy etishda investisiyalarga tayanish maqsadga muvofiqdir.

Ma’lumki joriy yilning 2 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari mazkur forumda ma’ruzaga chiqib mamlakatimiz investisiya siyosati va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Jumladan, davlatimiz rahbari Birinchi yo‘nalish sifatida “yashil” energetika. Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbligini, bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilayotganligini, 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazish ko‘zda tutilganligini alohida qayd etib o‘tdi. Ma’lumki, Strategik sheriklar bilan birgalikda yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo qilinmoqda, “yashil vodorod” ishlab chiqarish ishlari boshlangan. O‘tgan yilning o‘zida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bugungi kunda  O‘zbekiston Energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa” kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shu o‘rinda davlat rahbari energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etishni rejalashtirganligini ta’kidlar ekan, Forumda tashrif buyurgan barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.

Davlatimiz rahbari Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mamlakatimizda energetika tarmog‘ini rivojlantirishga eng ko‘p investisiya kiritgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi.

Bu galgi forum doirasida “yashil” energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohalarida 18 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida uchinchi Toshkent investisiya forumi doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“CAMCE” korporatsiyasi raisi Van Bo bilan Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishi hamda energetika, sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda faoliyat yuritishda katta tajriba to‘plagan kompaniya yirik loyihalarni moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning butun zanjirini qamrab oladigan yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan.

“Goldwind” Sao Chjigan bilan kompaniyaning O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kompaniya shamol energetikasi texnologiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan bo‘lib, jahondagi yetakchi shamol turbinalari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shamol elektr stansiyalari qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

“China Southern Power Grid” bilan Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyalari, butun mamlakat bo‘ylab gidroakkumulyasiya stansiyalari va yuqori kuchlanishli liniyalar qurish loyihalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish bo‘yicha “Holley Group” kompaniyasi muvaffaqiyatli ishlayotgani qayd etildi. Toshkent viloyatida texnopark qurish va unga Xitoyning yirik kompaniyalarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

         Forum doirasida ekologik sof qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng qo‘llash hisobiga elektroenergiya sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini izchil yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish yo‘nalishida ham samarali kelishuvlar amalga oshirilganligini alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerak. Jumladan 1-may kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ da Birlashgan Arab Amirliklarining energetika, xususan, qayta tiklanuvchi yenergiya manbalarini yaratish bo‘yicha nufuzli “Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar” kompaniyasi (“MASDAR”) ijrochi direktori Muhammad Jamil al-Ramahi boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shu o‘rinda  biz kelishuv olib borayotgan kompaniya haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.“MASDAR” kompaniyasi 2018-yildan beri O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan va mamlakatimiz energetika sanoatida BAAning eng yirik investori hisoblanadi. Bugungi kuda (“MASDAR”) kompaniyasining O‘zbekistonga kiritgan umumiy investisiya miqdori 2 mlrd. AQSH dollaridan oshadi.

Kompaniya 2006-yilda tashkil topgan bo‘lib, qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 40 dan oshiq davlatlarda 30 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi investisiya loyihalarini samarali amalga oshirmoqda.

Xabaringiz bor, 2024-yil 14-mart kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan “Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy” sakkizinchi xalqaro kongressi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “MASDAR” kompaniyasi o‘rtasida o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi.

Mazkur shartnomada “O‘zbekgidroenergo” AJ va “MASDAR” o‘rtasida 500 MVt quvvatga ega Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida Karateren GTES qurilishi va Jizzax viloyati Forish tumanida 300 MVt quvvatga yega Aydarko‘l GES qurilishi loyihalari ko‘zda tutilgan.

Loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha Rossiyaning “Gidroproyekt instituti” OAJ kompaniyasi g‘olib deb topilib mazkur kompaniya bilan tegishli shartnoma tuzildi.

“Gidroproyekt instituti” OAJ tomonidan 2024-yil 1-noyabrgacha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda “MASDAR ” kompaniyasiga topshiriladigan bo‘ldi.

Uchrashuvda tomonlar Aydarko‘l va Karateren GTES loyihalari bo‘yicha tender natijalari va texnik-iqtisodiy asoslari, asosiy jihatlar xususida muzokara olib bordilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida va transchegaraviy hududlarda gidroenergetika sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, xususan, Tojikiston Respublikasi chegara mintaqasida joylashgan “Zarafshon daryosida Yavan gidroelektr stansiyasini qurish” investisiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hamkorlik qilish yuzasidan fikr-mulohaza almashildi. Toshkentda o‘tkazilgan mazkur forum juda samarali va amaliy ruhda o‘tganliginialohida e’tirof etishimiz lozim. Qisqacha aytganda Forumda “Yashil” energetikani rivojlantirish — energetik barqarorlikni ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lganligini aytishimiz mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy

Majlisi Senati a’zosi, senator

A.SANGINOV

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
1 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси