Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, temir yo‘lchilar va faxriylari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sh. Qodirov, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi B. Toshboyev, mehnat faxriysi E. Xoliqov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz temir yo‘l tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Ana shu maqsadda hududlarda zamonaviy vokzallar bunyod etilib, yangi yo‘nalishdagi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilayotgani, vagonlarda ham barcha sharoit yaratilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Mamlakatimizning eng chekka va olis tumanida qurilib, ishga tushirilgan “Uzun” temir yo‘l vokzali mahalliy aholi va boshqa yo‘lovchilar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Shu paytgacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelgan temir yo‘l bekati o‘rnida barcha qulaylikka ega muhtasham vokzal qad rostladi.
“Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari loyihasi asosida qurilgan vokzal milliy va zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan. Vokzal atrofiga, binoning tashqi va ichki qismiga milliy an’analarimiz asosida bezak berilib, kutish zali, dam olish va yuvinish, tibbiyot xonalari, yuqori darajadagi servis xizmatlari ko‘rsatish zali qurilgan. ASU “Ekspress-3” tizimli uskunalar bilan ta’minlangan zamonaviy temir yo‘l chiptaxonasi, yo‘lovchilar uchun ayvon mavjud. Elektron chiptalarni ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Elektron ma’lumotlar tablosi o‘rnatilgan.
– Moslashtirilgan binoda 40-50 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilar edi, – deydi “Uzun” vokzali rahbari Botir Mirzoqulov – Bu borada mamlakatimizning ko‘plab vokzallaridan ortda qolganimiz ham bor gap. Bunga bir sababdan vokzalning eskirib, ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgani bo‘lsa, ikkinchidan foydalanayotgan yo‘lovchilar ko‘pligi, kutish zali sig‘imining kichikligi va zamonaviy dam olish xonalarining yo‘qligidan andak xijolat chekardik. Puxta loyiha asosida bunyod etilgan zamonaviy vokzalda esa yo‘lovchilar uchun barcha qulaylik inobatga olingan. bir vaqtning o‘zida 100-150 yo‘lovchini sig‘dira oladigan va har qanday ob-havo sharoitida ham moʻtadil harorat bilan ta’minlanadigan kutish zali, zamon talablarga mos dam olish xonalari, chiptaxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari mavjud.
Tadbir doirasida ishtirokchilar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘i evaziga qurilgan yangi vokzalda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
© Uzun tumani hokimligi veb-saytlari 2025